Antil orollari

Antil orollari (inglizcha: Antilles) — Vest-Indiyadagi arxipelag. Katta Antil orollari (Kuba, Gaiti, Yamayka, Puerto-Riko) va Kichik Antil orollari (Virginiya, Shamolli va Shamolsiz orollar, Trinidad, Tobago va Barbados)ga boʻlinadi. Maydoni qariyb 220 ming kilometr². Aholisi 30 million kishi. Antil orollari yer yuzasining yarmidan koʻpi togʻlik. Eng baland joyi 3175 metr. Katta Antil orollari dagi togʻlar Markaziy Amerikadagi Kordilera togʻlarining tarmoqlaridir. Bu togʻlar Kuba oroldagi ohaktosh platosida tutashadi. Kichik Antil orollarida soʻnmagan Grand-Sufriyer, Montan-Pele, Sufriyer vulkanlari bor. Kubadagi tekisliklardan tashqari hamma yerda zilzila boʻlib turadi. Iqlimi tropik, issiq, passat iqlimi. Nam koʻp, tez-tez dovul boʻlib turadi. Koʻp yerlarni savanna va barg tashlaydigan tropik oʻrmonlar qoplagan. Shamolga roʻpara yon bagʻirlar esa doim yashil tropik oʻrmonlar bilan qoplangan. Antil orollarida Antigua va Barbuda, Barbados, Gaiti, Grenada, Dominika, Dominikana Respublikasi, Kuba, Sent-Vinsent va Grenadini, Sent-Lyusiya, Sent-Kits va Nevis, Trinidad va Tobago, Yamayka davlatlari joylashgan, shuningdek AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Niderlandiyaga karashli mulklar, Venesuela hududining bir qismi bor. 1493-yil Xristafor Kolumb Sen-Marten orolni kashf etgan. Kyurasao va Aruba orollarini 1499-yilda ispanlar ochgan. XVII asr boshida gollandiyaliklar Aruba orolni, 1634-yilda esa Kyurasao orolni egallaganlar.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Geografiyaga oid ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. |