Kontent qismiga oʻtish

Antiseptika

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Antiseptika — jarohatga tushgan mikroblarga qarshi kurashish chora tadbirlar yigʻindisi, jarohatlarni va ularni tozalab davolashda ishlatiladigan asboblarni kimyoviy moddalar bilan yuqumsizlantirish usuli. 1867-yilda ingliz olimi J. Lister fransuz bakteriologi L. Paster tajribalariga asoslanib operatsion xona havosidagi, jarroh qoʻlidagi va jarohatga ishlatiladigan narsalar (doka, jarrohlik asboblari) dagi bakteriyalarni yoʻqotish bilan jarohatlarni koʻpgina asoratlardan saqlab qolish mumkin, degan xulosaga keldi. Buning uchun u 5% li karbol kislota eritmasiga hoʻllangan bir necha qavat bogʻlov ishlatdi. Antiseptik kimyoviy preparatlar yuza va chuqur qoʻllanadi. Yuza antiseptikada jarohat va boʻshliqlar xloramin, xloratsid, vodorod peroksid, kaliy permanganat va boshqa moddalar eritmasi bilan yuviladi yoki jarohat yuzasiga antiseptik mazlar (masalan, A. V. Vishnevskiy mazi) surtiladi. Chuqur antiseptikada esa avj olayotgan jarohat atrofidagi teri ostiga antiseptik suyuqliklar (furatsilin, rivanol va boshqa eritmalar), teri osti, muskul orasi yoki venaga antibiotiklar singari antiseptik moddalar yuboriladi. Ikkala holda ham mikroblar yo oʻldiriladi yoki ularning hayot faoliyati uchun noqulay sharoit tugʻdiriladi. Hozir mexanik fizik, kimyoviy va biologik antiseptika usullari mavjud. Antiseptika jarrohlik davo usulining ajralmas tarkibiy qismidir.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil