Kontent qismiga oʻtish

Pireney yarim oroli

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Pireney yarim oroli, Iberiya yarim oroli (ispancha: , portugalcha: , baskcha Iberiar penintsula, aragoncha: peninsula Iberica, kat. península Ibèrica, estr. península Ibérica, fransuzcha: péninsule Ibérique, inglizcha: Iberian peninsula, lotincha: Iberia paeninsula) — Yevropaning jan.gʻarbidagi yarim orol. Maydoni 582 ming km². Atlantika okeani bilan Oʻrta dengiz oraligʻida. Pireney yarim orolio. Afrikadan Gibraltar boʻgʻozi orqali, Yevropaning qolgan qismidan esa Pirenei togʻlari orqali ajralgan. Pireney yarim orolio.da Ispaniya, Portugaliya, Andorra davlatlari va Gibraltar joylashgan. Qirgʻoq chizigʻi aksari kismida tekis. Yer yuzasi yassitogʻlik va togʻlardan iborat. Oʻrtacha balandligi 1000– 1500 m. Eng baland joyi — Syerra-Nevada tizmasidagi Mulasen togʻi (3478 m). Sohili — payettekislik. Toshkoʻmir, temir rudasi, volfram, simob, polimetall rudalari, pirit konlari bor. Iqlimi asosan, Oʻrta dengizga xos subtropik, gʻarbida sernam, okean iqlimi. yanvarning oʻrtacha temperaturasi 8—12°, iyulniki 18—28. Maksimal temperatura 40°, minimali —25°. Yillik yogʻin shimolida 800–1000 mm, togʻlarda 1500–2000 mm, ichki hududlarda 300–500 mm. Yirik daryolari: Taxo, Gvadiana, Duero, Ebro, Gvadalkvivir. Tabiiy oʻsimliklari oʻrta dengiz butalari (makvis, gariga), dasht oʻsimliklaridan iborat. Hududining 40% butazor. Oʻrmonlar ham uchraydi[1].

Pireney yarim oroli tabiatining oʻziga xos regional xususiyatlari Yevropaning janubi-gʻarbida, Oʻrta dengiz bilan Atlantika okeani oʻrtasida va Afrikaga yaqin joylashganligi bilan hamda yer yuzasining tuzilishi bilan bogʻliq. Maydoni 582000 km2. Oʻrta Yevropadan Pireney togʻlari orqali va Afrikadan Gibraltar boʻgʻizi orqali ajralib turadi. Uning shimoli-gʻarbiy qirgʻoqlari Atlantika okeani suvlari bilan, janubi-sharqiy qirgʻoqlari Oʻrta dengiz suvlari bilan yuvilib turadi. Qirgʻoq chiziqlari Fenoskandiya qirgʻoqlariga nisbatan ancha tekis va mayda orollar juda kam uchraydi. Pireney yarim orolining asosiy qismini yemirilgan qadimiy kristall jinslardan tarkib topgan Meseta yassi togʻligi ashkil etadi. Bu massiv shimol va janub tomonlardan alp burmalanishidan hosil boʻlgan yosh togʻ tizmalari bilan oʻralgan. Mesetaning ichki qismida kristall jinslar ancha choʻkkan va ularning yuzasi choʻkindi jinslar bilan qoplangan. Mesetaning shimoliy yarmida Eski Kastiliya platosi va janubiy yarmida Yangi Kastiliya platosi joylashgan. Ularning okean sathidan balandligi 400-500 m dan 600-800 m gacha oʻzgaradi.[2]

Serra nevada togʻi

Tizmaning eng baland nuqtasi Serra-de-Gredos massividagi Almanov (2592 m) choʻqqisidir. Mesetaning janubiy chekkasida maksimal balanddigi 1323 m boʻlgan Serra-Morena palaxsali togʻi qad koʻtarilgan. Yarim orolning shimoli-sharqqa, Mesetaning koʻtarilgan qismida oʻrtacha balandlikdagi palaxsali Iberiya va Kataloniya togʻlari joylashgan. Pireney yarim orolining shimoliy qismida Kantabriy va Pireney togʻlari kenglik boʻylab choʻzilgan. Pireney togʻlari balandligi jihatidan Alp togʻlaridan keyingi ikkinchi oʻrinda turadi. Uning eng baland nuqtasi Maladetta massividagi Aneto (3404 m) choʻqqisidir. Undan gʻarb tomonda Poze (3375 m) va Vinmal (3298 m) choʻqqilari bor. Pireney togʻlarining markaziy qismi baland koʻtarilgan boʻlib, undagi choʻqqilar oʻtkir qirrali, yonbagʻirlari tik qoyali, daralari tor va chuqur, dovonlar deyarli uchramaydi. Markaziy Pireneydan gʻarbga va sharqqa tomon togʻlar pasayib boradi. Pireney bilan Kontabriy oʻrtasida joylashgan Biskay togʻi ham Kontabriyga oʻxshash tektonik, orografik va geologik jihatdan Pireney togʻlariniig gʻarbiy davomi hisoblanadi. Kontabriy tizmasining eng baland joyi Torre-de-Serredo (2648 m) togʻidir. Kontabriyning gʻarbiy qismidagi Asturiya togʻi (2500 m) Biskay togʻlariga nisbatan oldinroq burmalangan. Pireney yarim orolining janubiy qismidagi togʻlar oʻzining geologik tuzilishi va tarkibiga koʻra Alp togʻlariga oʻxshash Gibraltar boʻgʻizi sohilidan shimoli-sharqqa tomon choʻzilgan Andalusiya togʻalaridir. Uning va Pireney yarim orolining eng baland joyi Serra Nevada (Qorli togʻlar) tizmasidagi Mulasen (3478 m) choʻqqisidir.

Andalusiya togʻlarida kristall jinslar va ohaktoshlar keng tarqalgan. Andalusiya togʻlaridan shimoli-gʻarbda Kordilera-Betiko togʻi joylashgan. Uning maksimal balanddigi La-Sagra choʻqqisida 2381 m ga teng. Yarim orolning janubi-sharqiy chekkasida balandligi 1500 ga yetadigan Kordilera Subbetiko togʻi qirgʻoq boʻylab choʻzilgan. Oʻlkada togʻ tizmalari, yassi togʻliklar, platolardan tashqari tekisliklar va pastekisliklar ham bor. Pireney, Iberiya va Kataloniya togʻlari oraligʻidagi yirik tektonik choʻkmada Aragon tekisligi joylashgan. Tekislikning katta qismi shu hududdan oqib oʻtadigan Ebro daryosining suvi bilan sugʻoriladi. Aragonning yuza qatlami toʻrtlamchi davr kontinental yotqiziqlaridan iborat. Dengiz sathidan oʻrtacha balandligi 250 m. Tekislik relefi tepalik xarakterga ega, yassi yuzali suvayrgʻichlarning yonbagʻirlari daryo vodiylari va jarliklar bilan kuchli kesilgan. Ebro vodiysi yaxshi ishlangan akkumulyativ terrasalardan va keng qayirlardan tashkil topgan. Andalusiya togʻlari bilan Serra Morena tizmasi oraligʻidagi tektonik bukilmada Andalusiya pastekisligi shakllangan. [3]

Keng gʻarbiy qismi yassi allyuvial tekislik boʻlib, Gvadalkvivir daryosi va uning irmoqlari oqizib kelgan yotqiziqlardan tarkib topgan. Toraygan sharqiy qismi paleogen va neogenning mergel, gil, qumtosh va ohaktoshlaridan tashkil topgan. Andalusiya pastekisligi shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga Kadis qoʻltigʻi tomon pasayib boradi. Uning yer yuzasi okean sathidan 100 m pastda yotadi. Yarim orolning gʻarbiy qismida Meseta yassi togʻligi etaklarida Atlantika okeani sohili boʻylab choʻzilib yotgan Portugaliya pastekisligi bor. Uning lagunali qirgʻogʻiga Lissabon va Setubal qoʻltiqlari oʻyib kirgan. Pastekislik hududidan Teju (Taxo) daryosi oqib oʻtadi. Maydon jihatidan uncha katta boʻlmagan sertepa pastekisliklar yarim orolning sharqiy qismida ham uchraydi. Bular Oʻrta dengiz sohilidagi Valensiya va Mursiya pastekisliklari boʻlib Ispaniya Levanti deb yuritiladi. Pireney yarim oroli subtropik mintaqada joylashganligi tufayli uning barcha hududi oʻrta dengiz subtropik iqlim oʻlkasiga qaraydi, lekin yarim orolning yer yuzasining murakkab tuzilishi iqlimidagi ichki farqlarini vujudga keltiradi. Bunday farqldarni havo haroratida, yillik yogʻin miqdorida, yogʻin rejimida koʻrish mumkin.

Yarim orolning shimoli gʻarbiy va shimoliy qismlarida — Galisiya, Asturiya massivlarida, Kantabriy va Pireney togʻlarining yonbagʻirlarida iqlim yumshoq va nam. Yil davomida harorat keskin oʻzgarmaydi, yogʻin koʻp boʻladi. Atlantika okeani tomonidan esadigan doimiy shamollar katta miqdorda namlik keltiradi. Qishda tumanli va bulutli kunlar uzoq davom etadi. Yozi salqin va nam boʻlib, iyulning oʻrtacha harorati +18°,+20°S, yanvarniki +6°,+8°S atrofida. Yillik yogʻin miqdori 1000-2000 mm. Oʻlka uchun dengiz iqlimi xarakterli boʻlib, u nam Ispaniya deb ataladi va subtropik mintaqadan moʻtadil mintaqaga oʻtkinchi polosa hisoblanadi. Pireney yarim orolining gʻarbiy qismi oʻrta dengiz iqlim tipining okean iqlim turi xarakteriga ega. Bu yerda yoz issiq va qish iliq boʻladi. Iyulning oʻrtacha harorati +21°,+24°S ni, yanvarniki +8°,+11°S ni tashkil etadi. Yiliga 600-1000 mm atrofida yomgʻir yogʻadi. Biroq yozda havoning nisbiy namligi 80% gacha, yogʻin kam boʻladi. Uning janubiy va sharqiy hududlari uchun kontinental oʻrta dengiz iqlim tipi xarakterli. Oʻlkada yumshoq yomgʻirli qish tezda uzoq davom etadigan issiq va quruq yoz fasli bilan almashinadi.

Iyulning oʻrtacha harorati +25°,+28°S ga teng. Yillik yogʻin miqdori 500 mm dan oshmaydi. Valensiya va Mursiya tekisliklarida yogʻin 300 mm gacha kamayadi. Yoz oylarida Afrika tomonidan quruq Levere garmsel shamoli tez-tez esib turadi. Yarim orolning ichki hududlarida — Eski va Yangi Kastiliyada, Aragon tekisligida iqlim sharoiti Atlantika okeani va Oʻrta dengizdan oʻrtacha balandlikdagi togʻlar bilan toʻsilgan. Meseta yassi togʻligi va Aragon tekisligining morfologik tuzilishi botiq shaklida boʻlganligi sababli mahalliy kontinental havo vujudga keladi. Natijada havo harorati fasllarga qarab keskin oʻzgaradi, yogʻin kam boʻladi. Yozi issiq va qishi sovuq. Yanvarning oʻrtacha harorati +4°,+5°S. Yiliga oʻrtacha 400-500 mm yomgʻir yogʻadi va bu hududlar quruq Ispaniya deb yuritiladi. Yarim orolning markaziy qismidagi Markaziy Kordilera togʻlariga atmosfera yogʻinlari atrofdagi platolarga nisbatan koʻproq tushadi. Andalusiya pastekisligida tipik oʻrta dengiz iqlimi hukmronlik qiladi. Eng sovuq oyning oʻrtacha harorati +12°,+13°S ga va eng issiq oyning oʻrtacha harorati +27°,+28°S ga teng. Yillik yogʻin miqdori 500-700 mm atrofida boʻlib, subtropik ekinlarni yetishtirish uchun juda qulaydir.

Ichki suvlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Taxo daryosi

Daryo tarmoqlari va koʻllar Yevropaning shimoliy oʻlkalariga nisbatan Pireney yarim orolida uncha koʻp rivojlanmagan. Daryolarning aksariyat qismi yomgʻir suvlaridan, kam qismi esa yomgʻir va qor suvlaridan toʻyinadi. Yarim orolning eng uzun daryosi Taxo (Teju) hisoblanadi. Uning uzunligi 1010 km, havzasining maydoni 81000 km2, oʻrtacha yillik suv sarfi 360 m3/sek. Taxo daryosi Iberiya tizmasidagi Universales togʻidan 1600 m balandlikdan boshlanadi. Uning irmoqlari boshlanish togʻli qismida tor va chuqur vodiylardan oqib oʻtadi, Atlantika okeaniga quyiladi. Uzunligi jihatidan Ebro daryosi ikkinchi oʻrinda turadi. Uning uzunliga 928 km, havzasining maydoni 87000 km2 ga yaqin, oʻrtacha yillik suv sarfi 615 m3/sek. Ebro Kantabriy togʻining janubiy yonbagʻrlaridan boshlanib, Oʻrta dengiz havzasiga quyiladi. Toʻyinishi aralash xarakterga ega. Gvadalkvivir (arabcha vodiy al-Kabir — azim daryo) daryosi Ispaniyaning janubidagi Andalusiya botiqligidan oqib oʻtadi. U Andalusiya togʻlarining shimoliy yonbagʻridan boshlanib, Atlntika okeanining Kadis qoʻltigʻiga quyiladi. Daryoning uzunligi 560km, havzasining maydoni 57000 km2, oʻrtacha yillik suv sarfi 164 m3/sek. ga teng. Atmosfera yogʻinlaridan toʻyinib yil boʻyi toʻlib oqadigan daryolar Pireney yarim orolining shimoli-gʻarbiy qismida joylashgan va ular oʻz suvlarini Biskay qoʻltigʻiga va Atlantika okeaniga quyadi. Shuningdek, sersuv daryolardan biri — Mino hisoblanadi. Koʻpchilik daryolarda suv omborlari va kanallar qurilgan. Kemalar faqatgina Gvadalkvivir daryolaridagina qatnay oladi. Duero daryosining 200 km masofadagi quyi qismida uncha katta boʻlmagan kemalar qatnaydi.

Tuproq, oʻsimlik, hayvonlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Pireney landshaft oʻlkasining geografik oʻrni, yer usti tuzilishi va iqlim sharoiti tuproq-oʻsimlik qoplamining xilma-xil boʻlishiga qulaylik yaratgan. Nam iqlimli shimoliy va shimoli-gʻarbiy hududlarda turli darajada podzollashgan oʻrmon-qoʻngʻir va qoʻngʻir-jigar rang ishqorli tuproqlar vujudga kelgan. Meseta yassi togʻligining katta qismida tuproqlar yuvilgan jigar rang tuproqlar, yarim orolning janubiy va sharqiy hududlarida tipik jigar rang tuproqlar keng tarqalgan. Pireney yarim orolining florasi nihoyatda turlarga va endemiklarga boy. Uning hududida 6000 turdan ortiq yuksak oʻsimliklar mavjud boʻlib, shundan 950 turi daraxt oʻsimliklardir. Flora tarkibida 1500 tur endemiklar bor. Yarim orolning shimoliy subtropik iqlimidan moʻtadil iqlimga oʻtish qismida keng bargli oʻrmonlar hukmronlik qiladi. Oʻrmonlarda asl kashtan, yoz emani, qish emani, shumtol, zarang, joʻka va boshqa daraxtlar koʻpchilikni tashkil etadi. Galisiya oʻrmonlarida muzlik davrining relikt daraxtalaridan qayin, tosheman, dengizboʻyi qaragʻayi uchraydi. Keng bargli oʻrmonlarning ikkinchi yarusida doimiy yashil daraxtlar aralash holda oʻsadi. Pireney va Kontabriy togʻlarining shimoliy yonbagʻlarida oʻrmonlar yaxshi rivojlangan. Ularning katta maydoni bargini toʻkadigan eman, kashtan, buk, shumtollardan iborat keng bargli oʻrmonlar bilan band. Togʻlarning baland qismlarida keng bargli oʻrmonlar qayin daraxtlari, qaragʻay, archa va pixtalar bilan almashinadi. Iberiya va Markaziy Kordilera togʻlarida oʻrmonlar massivi bir oz kamayadi. Pireney yarim orolining gʻarbiy Oʻrta dengiz iqlimli qismi uchun tipik dagʻal bargli doimiy yashil oʻrmonlar va makvis butazorlari xarakterli. Bu yerdagi oʻrmonlar asosan xilma-xil emanlardan (Portugaliya emani, tosh, poʻkak emani, gʻarb emani, namat bargli eman) tarkib topgan. Portugaliyada 750000 ga maydonda poʻkak emani plantasiyasi barpo etilgan. Butazorli formatsiyalar ladannik, drok, filliren, daraxtsimon mojjevelnik, janub erigi, soyabon erik va makvislardan iborat. Mazkur landshaft oʻlkasining hayvonot olamida hayvonlarning Yevropa va Afrika turlari uchraydi. Masalan, bu yerda yashaydigan boʻri, tulki, lan, yovvoyi quyon hayvonlarning Yevropa turiga kirsa, genetta yirtqich hayvoni Afrika turiga kiradi. Hayvonlardan Pireney vixuxoli, qushlardan zangori zagʻizgʻon endemik hisoblanadi.[4]