Kinona
| Kinona arabcha: بَنُو كِنَاَنَة | |
|---|---|
| Arab qabilasi | |
|
| |
| Nisba | Al-Kinoniy (الْكِنَانِيّ) |
| Joylashuv |
Tihama va Hijozning Makka shahri atrofidagi hududlar (V asr — hozirgacha) |
| Tarmoqlari | |
| Dini | Islom |
Kinana (arabcha: كِنَاَنَة) — arab qabilasi, Tihama sohilboʻyi hududi va Hijoz togʻlarida, Makka atroflarida yashagan[1]. Islom paygʻambari Muhammad mansub boʻlgan Quraysh qabilasi aynan Kinonaning bir tarmogʻidan kelib chiqqan. Hozirgi kunda arab dunyosining turli hududlaridagi bir qator qabilalar oʻz nasablarini Kinona qabilasi bilan bogʻlaydi[2].
Joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kinona qabilasiga tegishli hudud Tihama sohilining Makka yaqinidagi qismidan shimoli-sharqqa tomon choʻzilib, ularning qarindosh qabilalari Banu Asad hududi bilan chegaradosh boʻlgan[1].

Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kelib chiqishi va tarmoqlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Arablarning nasabnomaga oid anʼanalariga koʻra, qabilaning nomi bilan atalgan ajdodi Kinona ismli kishi boʻlib, u Xuzayma ibn Mudrikaning oʻgʻli boʻlgan[3]. Qabila oʻz nasabini Ismoilga bogʻlagan. Islom anʼanalariga koʻra, Ismoil yamanlik Jurhum qabilasidan boʻlgan ayolga uylangan va Makka atrofiga kelib joylashgan[4]. Kinona qabilasi koʻpxudolikka eʼtiqod qilgan, ularning diniy eʼtiqodida maʼbuda al-Uzzoga sigʻinish markaziy oʻrin tutgan. Islom anʼanalariga koʻra, vaqt oʻtishi bilan Kinona va Ismoilning boshqa avlodlari Shimoliy Arabiston boʻylab tarqalib ketgan, oʻzlarining dastlabki eʼtiqodlarini yoʻqotib, butparastlikka berilgan[4].
Qabila 6 ta asosiy tarmoqqa boʻlingan, ular Nadr, Molik, Milkon, Amir, Amr va Abdumanot. Nadr tarmogʻidan islom paygʻambari Muhammad mansub boʻlgan Quraysh qabilasi kelib chiqqan. Quraysh Kinona qabilasidan alohida qabila sifatida qaralgan. Abdumanot tarmogʻi tarkibida kuchli Bakr ibn Abdumanot guruhi mavjud boʻlgan. Uning asosiy tarmoqlarini Mudlij, Du’il, Lays va Damra tashkil qilgan. Gʻifor guruhi Damra tarmogʻiga mansub boʻlgan yoki bevosita Abdumanotdan kelib chiqqan. Yana bir tarmoq Horish ibn Abdumanot kichik va, ehtimol, oʻzaro qarindosh boʻlmagan bir qancha urugʻlardan tashkil topgan Ahobish guruhining asosini tashkil etgan[1].
Quraysh qabilasining ajdodi Fihr ibn Molik ibn Nadr Janubiy Arabistondagi Himyariylarning bir tarmogʻi ustidan qozonilgan gʻalabada Kinona qabilasining yetakchisi sifatida namoyon boʻlgan. Uning avlodi Qusay ibn Kilob Kaʼba joylashgan muqaddas shahar Makkani egallashi chogʻida Kinona qabilasi uni qoʻllab-quvvatlangan. Qusayning qabila aʼzolari orasidagi mavqei yanada mustahkamlanishiga sabab Lays tarmogʻiga mansub Kinona qabilasining yana bir boshligʻi Yaʼmar ibn Amrning unga yordam berishi boʻlgan. Bakr esa, odatda, Qusayga qarshi turgan. Fijor urushi kinonalik al-Barrod ibn Qays tomonidan Banu Kilob qabilasi boshligʻining oʻldirilishi natijasida boshlangan. Al-Barrod Damra urugʻiga mansub boʻlib, oʻz qabilasi tomonidan quvgʻin qilingan, biroq Du’il guruhi tomonidan himoya qilingan va Quraysh boshligʻi Harb ibn Umayya bilan ittifoqchilik munosabatlarini saqlab kelgan. Bunga javoban Kilob va ularning Havozin qabilasidagi qarindoshlari Qurayshga qarshi yurish qilgan, Kinona, jumladan, Bakr guruhi ham Qurayshni qoʻllab-quvvatlash uchun kelgan. Shunga qaramay, Bakr Qurayshga nisbatan dushmanlik ruhida boʻlib kelgan. Kinonaliklar tomonidan bir qurayshlik yosh kishining oʻldirilishi uchun qasos tariqasida Bakr boshligʻining oʻldirilishi qabilalar oʻrtasidagi ziddiyatni yanada kuchaytirgan. Qabila anʼanalariga koʻra, yoshlar boshliqlar bilan teng maqomga ega hisoblanmagan[1].
Ilk islomiy davr
[tahrir | manbasini tahrirlash]Islom tarixchilari paygʻambar Muhammad davrida Kinona qabilasining yagona va birlashgan qabila sifatidagi faoliyati haqida maʼlumot qayd etmagan. Biroq qabilaning ayrim tarmoqlari, jumladan, Quraysh, islomning shakllanishi va tarqalishida muhim rol oʻynagan[2]. Quraysh dastlab paygʻambar Muhammad va uning yakkaxudolik taʼlimotiga qarshi chiqqan. Biroq Bakr bilan avvaldan mavjud boʻlgan ziddiyatlar sababli ular 624-yilda Badr jangida Kinona qabilasi xavfsizlik kafolati bermay turib paygʻambar Muhammad va uning tarafdorlariga qarshi chiqishga ikkilanib turgan. Mudlij guruhi Qurayshga orqa tomondan hujum qilmaslikka vaʼda bergach, Quraysh paygʻambar Muhammadga qarshi yurish qilgan, biroq jangda magʻlubiyatga uchragan. Keyinchalik Bakr tomonidan Muhammad paygʻambarning ittifoqchilari boʻlgan Xuzoaga qilingan hujum paygʻambarning 630-yilda Makkani fath etishga qaratilgan yurishni boshlashiga sabab boʻlgan. Bu yurishda uni Gʻifor, Lays va Damra guruhlari qoʻllab-quvvatlagan[1].
Makka fath etilganidan keyin Kinona qabilasi haqida maʼlumotlar juda kam uchraydi. Du’il guruhining taniqli vakili Abu al-Asvad ad-Dualiy xalifa Alining ittifoqchisi sifatida qayd etilgan[1]. Kinona 630-yillarda musulmonlar tomonidan bosib olingandan soʻng, Jund Filastin (Falastin harbiy okrugi)dagi arab qabilalaridan tashkil topgan asosiy harbiy garnizonlardan birining tarkibiga kirgan. Garnizonning boshqa asosiy tarkibiy qismlarini Juz’am, Laxm, Xuzoa, Xas’am va Azd qabilalari tashkil etgan[5]. Xalifa Umar (h. 634–644) taxminan 638–639-yillarda Kinona qabilasidan boʻlgan ikki kishi Alqama ibn Mujazziz al-Kinoniy va Alqama ibn Hakimni Falastinning qoʻsh hokimi etib tayinlagan. Alqama ibn Mujazziz Quddusda, Alqama ibn Hakim esa ehtimol Liddada qarorgoh qurgan[6]. Alqama ibn Hakim xalifa Usmon (h. 644–656) davrida Muoviya ibn Abu Sufyon uning oʻrnini egallagunga qadar hokimlik qilgan.Umaviylar xalifasi Yazid II (h. 720–724) saroyidagi qoʻshiqchi qiz Haboba oʻz sheʼrida Kinonaning Falastinda yashaganini tilga olgan:
Atrofimda Kinonaning bir guruhi
Falastinda otlarini tezlik bilan minib borar[7].
844–845-yillarda Kinona qabilasi Makkaga yaqin hududlarda, garchi avvalgiga qaraganda zaiflashgan holda boʻlsa-da, oʻz mavqeini saqlab qolgani qayd etilgan[1].
Oʻrta islom davri
[tahrir | manbasini tahrirlash]1153-yilda salibchilar Asqalon port shahrini egallaganidan soʻng Janubiy Falastindagi Kinona amirlari va iqto egalari Fotimiylar xalifaliginingga Misr shahriga koʻchib ketgan. Fotimiylar vaziri Taloi ibn Ruzzik qabila vakillarini Dumyot va uning atrofidagi hududlarga joylashtirgan. Shundan boshlab ular Kinoniya nomi bilan tanilgan.
Ayyubiylar davrida Kinoniya moliyaviy hisob-kitoblarda ikkinchi darajali qoʻshinlar qatoriga kiritilgan. Ularga kurd, turk va turkman askarlariga toʻlanadigan maoshning yarmi miqdorida, biroq boshqa arab yordamchi qoʻshinlariga qaraganda ancha yuqori haq toʻlangan[8]. Kinona qabilasi vakillari Ayyubiylar sultoni Salohiddinning lashkarboshisi Qozi al-Fozil bilan birga salibchilarga qarshi Ramla yaqinidagi Monjizar jangida qatnashgan. Bu jangda Salohiddin qoʻshini magʻlubiyatga uchragan[9]. Ehtimol, ular Janubiy Falastindagi Ramla atrofi hududini yaxshi bilganlari sababli bu jangga jalb etilgan[9].
1249-yil iyun oyida Louis IX ning qariyb 700 kemadan iborat dengiz qoʻshini Yettinchi salib yurishi doirasida Dumyotga kelib tushgan. Oʻsha paytga kelib jasurligi bilan tanilgan shahardagi Kinona garnizoni salibchilar kelganini koʻrishi bilan Faxriddin boshchiligidagi Misr garnizoni bilan birga qochib ketgan[10]. Natijada, Ayyubiy sultoni as-Solih Ayyub qochib ketgan Kinona qoʻshinlari qoʻmondonlarini qatl ettirgan[11][12].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1 2 3 4 5 6 7 Watt 1986, s. 116.
- 1 2 „Kinana“, E. J. Brill's First Encyclopaedia of Islam, 1913–1936. Brill, 1993 — 1017–1018-bet. ISBN 9789004097902.
- ↑ Ibn Ishaq. The Life of Muhammad: A Translation of Ibn Isḥāq's sīrat. London: Oxford university press, 1955 — 3, 38–41, 52–53-bet. ISBN 0195778286.
- 1 2 Peters, Francis E.. Muhammad and the Origins of Islam — 5–15-bet.
- ↑ Crone 1980, s. 225, note 210.
- ↑ Gil 1997, s. 116.
- ↑ Jayyusi 2010, ss. 98–99.
- ↑ Gibb 1923, s. 76.
- 1 2 Gibb 1923, s. 86, note 25.
- ↑ Lane-Poole 2013, s. 238.
- ↑ Runciman 1951, s. 221.
- ↑ Lane-Poole 2013, ss. 232–233.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Crone, Patricia. Slaves on Horses: The Evolution of the Islamic Polity. Cambridge: Cambridge University Press, 1980. ISBN 0-521-52940-9.
- Gil, Moshe. A History of Palestine, 634–1099. Cambridge: Cambridge University Press, 1997. ISBN 0-521-59984-9.
- Gibb, H. A. R.. The Arab Conquests in Central Asia. London: The Royal Asiatic Society, 1923. OCLC 499987512.
- Jayyusi, Salma Khadra. Klassik arab hikoyalari: antologiya. New York: Columbia University Press, 2010. ISBN 978-0-231-14922-8.
- Lane-Poole, Stanley. Misr tarixi: o‘rta asrlarda (en). Routledge, 16 October 2013. ISBN 978-1-134-53734-1.
- Runciman, Steven. Salib yurishlari tarixi, I jild: Birinchi salib yurishi va Quddus qirolligining barpo etilishi. Cambridge University Press, 1951.
- Watt, W. Montgomery (1986). "Kināna". in Bosworth, C. E.. Encyclopaedia of Islam. Volume V: Khe–Mahi (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. p. 116. ISBN 978-90-04-07819-2. https://referenceworks.brillonline.com/search?s.q=Kin%C4%81na&s.f.s2_parent=s.f.book.encyclopaedia-of-islam-2&search-go=Search.